SHARTNOMA № ___
“ALIXANOVA BIZNES SCHOOL” nodavlat ta’lim tashkiloti (keyingi o‘rinlarda- “Jamiyat” deb yuritiladi) nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 11-avgustdagi № 955676-sonli Tasdiqnomasi asosida faoliyat yurituvchi direktor A.D.Alixanova (keyingi o‘rinlarda- “Bajaruvchi” deb yuritiladi) bir tomondan va fuqaro (keyingi o‘rinlarda- “Tinglovchi” deb yuritiladi) – (F.I.Sh) boshqa tomondan (bundan keyin Taraflar deb yuritiladi) quyidagilar to‘g‘risida mazkur shartnomani tuzdilar:
1. SHARTNOMA PREDMETI
1.1. Ushbu shartnomaga muvofiq Bajaruvchi qisqa muddatli kurslar, ma’ruzalar, seminarlar, treninglar (bundan buyon matnda “Kurslar” va / yoki “Xizmatlar” deb yuritiladi) o‘tkazish orqali xizmatlar ko‘rsatish majburiyatini oladi va Tinglovchi ushbu xizmatlarni qabul qiladi hamda ushbu Shartnoma shartlariga binoan xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshiradi.
1.2. Xizmatlar ko‘rsatilgandan so‘ng Bajaruvchi Tinglovchiga kursni tugatganligi to‘g‘risida Sertifikat beradi.
1.3. Xizmatlar Tinglovchiga online / offline to‘g‘ridan to‘g‘ri an’anaviy kurslar orqali taqdim etiladi.
1.4. Tinglovchi tomonidan to‘lovning amalga oshirilishi - ushbu Shartnomada ko‘rsatilgan shartlar Tinglovchi tomonidan qabul qilinganligini anglatadi.
1.5. Xizmatlarning to‘liq ro‘yxati va narxlari ushbu Shartnomaning ajralmas qismi bo‘lgan 1-ilova “O‘quv dasturi”da keltirilgan.
2. TARAFLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
2.1. Bajaruvchining majburiyatlari:
2.1.1. O‘quv jadvaliga muvofiq xizmatlar ko‘rsatishni tashkil qilish va ta’minlash.
2.1.2. O‘quv jarayonida malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlash.
2.1.3. Tinglovchiga narxi o‘quv narxiga kiritilgan zarur elektron o‘quv materiallar va qo‘llanmalarni (audiovizual asarlarni) taqdim etish.
2.1.4. Bajaruvchining aybi bilan o‘tilmagan darslar Bajaruvchi tomonidan belgilangan jadvalga muvofiq qoplab berish.
2.1.5. Tinglovchining Telegram-akkaunti, elektron pochtasi yoki Tinglovchi tomonidan ko‘rsatilgan telefon raqami orqali birinchi dars kuni to‘g‘risida xabar berish.
2.1.6. Bo‘lajak kurs uchun belgilangan to‘lov miqdori to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish.
2.1.7. Tinglovchining shaxsiy ma’lumotlari va boshqa maxfiy ma’lumotlaridan faqat ushbu Shartnomani bajarish maqsadida foydalanish, shuningdek, mavjud bo‘lgan ma’lumotni uchinchi shaxslarga taqdim etmaslik (amaldagi qonunlarda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno).
2.2. Bajaruvchining huquqlari:
2.2.1. Tinglovchiga oldindan xabar bergan holda dars jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish.
2.2.2. Ta’lim jarayonida ishtirok etadigan mutaxassislar va o‘qituvchilar tarkibini hamda beriladigan o‘quv materiallarini (audivizual asarlarni) mustaqil ravishda belgilash.
2.2.3. Bir tomonlama ushbu Shartnomaga va O‘quv dasturiga o‘zgartirishlar kiritish.
2.2.4. Tinglovchi tomonidan keyingi darslar uchun to‘lov amalga oshirilmaganligi sababli Tinglovchini darslarga qatnashishiga ruxsat bermaslik.
2.3. Tinglovchining majburiyatlari:
2.3.1. O‘quv jadvaliga, Bajaruvchi tomonidan o‘rnatilgan ichki tartib, intizom va umumiy axloq-odob qoidalariga rioya qilishi, xususan, Bajaruvchining xodimlariga va boshqa tinglovchilarga hurmat ko‘rsatib, boshqa tinglovchilarning bilim olishiga to‘sqinlik qilmaslik.
2.3.2. O‘quv jadvalida ko‘rsatilgan barcha darslarda ishtirok etish.
2.3.3. Ta’lim dasturini ongli ravishda puxta egallash, O‘quv jadvalida ko‘rsatilgan barcha darslarda qatnashish, kurs davomida berilgan o‘quv topshiriqlarini puxta bajarish;
2.3.4. Bajaruvchining jadvaliga binoan kurs to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish.
2.3.5. Bajaruvchi tomonidan har bir guruhga yuborilgan va taqdim etilgan barcha o‘quv materiallarini (audiovizual asarlarni) Bajaruvchining ruxsatisiz tarqatmaslik, o‘zgartirish kiritmaslik va boshqacha tarzda noqonuniy foydalanmaslik.
2.3.6. Bajaruvchining barcha intellektual mulklaridan noqonuniy foydalanmaslik.
2.4. Tinglovchining huquqlari:
2.4.1. Ushbu Shartnomada ko‘rsatilgan ta’lim xizmatlari to‘g‘risida ma’lumot olish.
2.4.2. Umumiy o‘zlashtirish natijalari to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish.
2.4.3. Shartnomada ko‘zda tutilgan hollarda bir tomonlama tartibda ushbu Shartnomani bekor qilish.
2.5. Bajaruvchi tomonidan barcha vazifalar o‘z vaqtida to‘liq Tinglovchiga berilsa ammo Tinglovchi tomonidan berilgan barcha vazifalar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilmasa hamda natija bo‘lmasa Tinglovchi tomonidan qilingan to‘lov Bajaruvchi tomonidan qaytarib berilmaydi.
2.6. Bajaruvchi tomonidan berilgan barcha topshiriqlar Tinglovchi tomonidan o‘z vaqtida va to‘liq bajarilsa ammo natija bo‘lmasa ya’ni bir dona ham mahsulot sota olmasa Tinglovchiga 50% qismini Bajaruvchi qaytarib olishi mumkin.
3. HISOB-KITOB QILISH TARTIBI
3.1. Tinglovchi Bajaruvchining xizmatlari uchun xizmat narxining 100% miqdorini oldindan quyidagi yo‘llar bilan to‘laydi:
3.1.1. Naqd pul yoki bank plastik kartalari orqali to‘lash;
3.1.2. Xizmat uchun to‘lov summasini Bajaruvchining hisob varag‘iga o‘tkazish yo‘li orqali;
3.2. Keyingi o‘qish oylari uchun to‘lov har yangi o‘qish oyi boshlanishidan oldin joriy oyning 3 (uch) bank ish kuni davomida kechiktirilmay amalga oshiriladi.
3.3. Tinglovchi o‘z aybi bilan darslarga qatnashmagan taqdirda, Bajaruvchi to‘lov summasini qayta ko‘rib chiqmaydi.
3.4. Pul o‘tkazish yo‘li orqali to‘lov amalga oshirilgan taqdirda, Tinglovchining xizmatlar uchun to‘lash majburiyati pul mablag‘i Bajaruvchining hisob raqamiga tushgan paytdan boshlab amalga oshirilgan deb hisoblanadi.
3.5. Agar o‘quvchi dars boshlanmasdan oldin pul qaytarishni so‘rasa asosli sabab bilan pul 30 ish kunida qaytariladi.
4. DARS VAQTINI O‘ZGARTIRISH VA DARSLARNI O‘TKAZIB YUBORISH
4.1. Darslar sanasi va vaqti oldindan ogohlantirishsiz hamda uzrli sabablarsiz o‘zgartirilishi mumkin emas.
4.2. Agar Bajaruvchi darsni jadvalda ko‘rsatilgan vaqtda o‘tkaza olmasa, u Tinglovchini dars boshlanishidan kamida 24 (yigirma to‘rt) soat oldin (Bajaruvchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bundan mustasno) xabardor qilishi shart.
4.3. Tinglovchi darslarni o‘z aybiga asosan o‘tkazib yuborganda guruh bilan birga o‘tilgan materiallar Tinglovchi bilan individual ravishda o‘tkazilmaydi va to‘lov qayta hisoblanmaydi. Ayrim holatlarda, agar Bajaruvchida bunday imkoniyat mavjud bo‘lsa, Bajaruvchi Tinglovchiga o‘tkazib yuborilgan darsni boshqa guruhda tinglashni taklif qilishi mumkin.
5. GURUHLARNI SHAKLLANTIRISH TARTIBI
5.1. Guruhlarda qatnashuvchilarning eng kam soni 3 kishini tashkil qiladi. Agar 1 ta guruhda 3 kishidan kam tinglovchi yig‘ilsa, Bajaruvchi o‘z xohishiga ko‘ra ushbu guruhni tuzmaslik hamda o‘quv to‘lovlarini amalga oshirgan Tinglovchilarga to‘langan summani qaytarib berish huquqiga ega.
5.2. Ta’lim jarayonini guruhlarda optimallashtirish maqsadida, Bajaruvchi oldindan xabardor qilingan holda, Tinglovchini bilim darajasi mos keladigan guruhga o‘tkazishga haqlidir.
5.3. Tinglovchi Bajaruvchining ixtiyorida bo‘lmagan sabablarga ko‘ra o‘qishni tugatmagan taqdirda, Tinglovchi tomonidan to‘langan avans qaytarilmaydi.
6. SHARTNOMANI BEKOR QILISH
6.1. Shartnoma quyidagi holatlarda bekor qilinishi mumkin:
6.1.1. Taraflarning o‘zaro kelishuvi asosida;
6.1.2. Agar Taraflar ushbu Shartnoma shartlariga rioya qilmasalar;
6.1.3. Agar Bajaruvchi ushbu Shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmasa, Tinglovchi o‘qishni rad qilishga haqli;
6.1.4. Kursga qatnashish uchun hujjat topshirish jarayonida taqdim etilgan ma’lumotlarning noto‘g‘ri ma’lumotlar ekanligi aniqlansa, ushbu Shartnoma Bajaruvchi tomonidan bir tomonlama bekor qilinadi;
6.1.5. Bajaruvchi faoliyati tugatilgan taqdirda;
6.1.6. Qonunda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
6.2. Tinglovchi tomonidan ushbu Shartnoma-offerta qabul qilinib, kurs uchun to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng Tinglovchi tegishli o‘quv guruhiga biriktiriladi va unga ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Shu sababli, Shartnoma-offerta qabul qilingandan hamda kurs uchun to‘lov amalga oshirilganidan keyin Shartnomani bir tomonlama bekor qilishga va o‘tkazilgan to‘lovni qaytarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagi holatlar bundan mustasno:
6.2.1. Agar Tinglovchining (yoki Buyurtmachining) boquvchisi kurs uchun to‘lov amalga oshirilgan sanadan keyin, biroq kurs yakunlangunga qadar vafot etgan bo‘lsa yoki sud tomonidan vafot etgan deb topilgan bo‘lsa;
6.2.2. Agar Tinglovchining (yoki Buyurtmachining) o‘zi vafot etgan bo‘lsa. Bunda kurs uchun to‘langan mablag‘ning foydalanilmagan qismi qonunchilikda belgilangan tartibda uning huquqiy vorislariga qaytarilishi mumkin;
6.2.3. Agar Bajaruvchining aybi bilan to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida Tinglovchiga kurslarni o‘tash uchun mo‘ljallangan platformaga kirish huquqi taqdim etilmagan bo‘lsa.
Mazkur hollarda to‘lovni qaytarish masalasi Tinglovchi tomonidan tegishli tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng Bajaruvchi tomonidan ko‘rib chiqiladi va amaldagi qonunchilik hamda ushbu Shartnoma talablariga muvofiq hal etiladi.
6.3. Tinglovchi o‘quv intizomiga rioya qilmagan, shuningdek ushbu Shartnoma shartlariga rioya etmagan taqdirda, kursdan chetlatiladi hamda o‘qitish uchun to‘langan mablag‘ qaytarib berilmaydi.
6.4. Kurs boshlanganidan so‘ng Tinglovchi istagi bilan ushbu Shartnoma bir tomonlama tartibda bekor qilingan taqdirda, Tinglovchi tomonidan to‘langan mablag‘ Tinglovchiga qaytarib berilmaydi.
7. TARAFLARNING JAVOBGARLIGI VA NIZOLARNI HAL QILISH TARTIBI
7.1. Ushbu Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun Taraflar O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
7.2. Ushbu Shartnomani amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar, iloji boricha, Taraflar o‘rtasida muzokaralar orqali hal qilinishi lozim. Nizolar muzokaralar yo‘li orqali hal bo‘lmagan taqdirda, kelib chiqqan nizolar Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi tomonidan hal qilinadi.
7.3. Quyidagi hollarda Bajaruvchi Tinglovchiga kursni tugatganligi to‘g‘risidagi Sertifikatni bermaydi va o‘qitish uchun to‘langan summa Tinglovchiga qaytarib berilmaydi:
7.3.1. Ushbu Shartnomaning biron bir sharti bajarilmaganligi sababli;
7.3.2. Tinglovchi kurs davomida intizomni qo‘pol ravishda buzgan taqdirda;
7.3.3. Ushbu Shartnomani bajarish maqsadida Tinglovchiga taqdim qilingan barcha o‘quv materiallari (audiovizual asarlar), maxfiy ma’lumotlar va boshqa har qanday ma’lumotlar Bajaruvchining yozma roziligisiz uchinchi tomon/shaxsga oshkor qilingan taqdirda.
8. FAVQULODDA VAZIYAT VA FORS-MAJOR
8.1. Taraflar fors-major holati yuzaga kelgan taqdirda shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni qisman yoki to‘liq bajarmaganliklari uchun javobgarlikdan ozod qilinadi. Fors-major halatlariga Taraflar xohishi va istagi, xatti-harakatiga bog‘liq bo‘lmagan favqulodda, kutilmagan, oldini olish imkoni bo‘lmagan, inson kuchi orqali yengib bo‘lmaydigan tabiiy hodisalar va/yoki ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar kiradi.
8.2. Agar Jamiyat rahbariyati tomonidan Jamiyatning faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qarorlar qabul qilinsa, ushbu Shartnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi hamda qo‘shimcha bitim tuziladi.
9. SHARTNOMANING AMAL QILISH MUDDATI VA O‘ZGARTIRISH TARTIBI
9.1. Ushbu Shartnoma Tinglovchi tomonidan to‘lov amalga oshirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va Taraflar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargunlariga qadar amal qiladi.
9.2. Ushbu Shartnoma Bajaruvchi tomonidan istalgan vaqtda Tinglovchiga maxsus xabar yoki ogohlantirishsiz o‘zgartirilishi mumkin. Shartnomaning yangi nashri, agar Bajaruvchi tomonidan boshqa manba ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Bajaruvchining veb-saytida va/yoki Bajaruvchiga tegishli ofisning jamoat uchun mo‘ljallangan joyida joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi. Shartnomaning amaldagi yangi tahriri bilan muntazam ravishda tanishib chiqish Tinglovchining zimmasiga kiradi.
9.3. Ushbu Shartnoma ikki nusxada tuzilgan bo‘lib, taraflarga bir nusxadan beriladi.
9.4. Ushbu Shartnomada nazarda tutilmagan barcha masalalar qonun hujjatlariga asosan tartibga solinadi.
10. TARAFLARNING YURIDIK MANZILI VA REKVIZITLARI
| № | Xizmat turlari | Xizmat narxi |
|---|---|---|
| 1. | ||
| 2. | ||
| 3. |